O'ZB

RUS

ENG

Advokat prokuratura va davlat xavfsizlik tizimidagi islohotlar borasida oʻz fikrini bildirdi

0 0
Read Time:5 Minute, 28 Second

Advokat Allan Pashkovskiy Advokat nashriga bergan intervyusida prokuratura va davlat xavfsizlik tizimidagi islohotlar uning faoliyatida qanday sezilayotgani toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

Shikoyat va vaʼdalar

“Prokuratura organlari bugungi kunda tez-tez (deyarli doimo) oʻzining nazoratchilik funksiyasini (xususan DXX tergov boʻlinmalarida dastlabki tergovning qonuniyligini) bajarmayapti, balki shunchaki koʻzboʻyamachilik qilyapti va fuqarolarning qonuniy manfaat va huquqlarini himoya qilmayapti. Tergovdagilarga nisbatan qiynoqlar qoʻllanilishini toʻlaqonli tekshirmayapti. Mazkur tergov organida sodir boʻlayotgan koʻp sonli qonun buzilishlari haqida lom-mim deyilmayapti va prokuratura organlari shikoyatlarga asossiz «javobnomalar” yoʻllamoqda», – dedi u.

Avvalroq sobiq bosh prokuror Otabek Murodov advokatlarni qabul qilishga va dastlabki tergov organlarining masʼul shaxslari tomonidan qonun buzilishlari boʻyicha shikoyatlarni hal qilishga vaʼda bergandi. Allan Pashkovskiy oʻshanda hamkasblarini vaziyatdan foydalanishga va bosh prokurorga qonun buzilishlari toʻgʻrisida xabar qilishga chaqirgandi.

Ammo oradan bir oz vaqt oʻtgach, advokat jurnal tahririyati bilan bogʻlandi va bosh prokurorning javobidan qoniqish hosil qilmaganini bildirdi. U shuningdek, tahririyatga murojaati matnini taqdim etdi.

Tahririyat yaqinda u bilan bogʻlanib, murojaati yakunlari boʻyicha izoh berishini soʻradi. Advokatning soʻzlariga koʻra, u Bosh prokuraturaning javobidan qoniqmagan.Bundan tashqari, advokat mamlakat sud-huquq tizimidagi ayrim masalalar borasida oʻz munosabatini bildirgan.

“Qayd etish joiz, advokatlarning DXX tergov izolyatorlaridagi himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashuviga bogʻliq vaziyat nisbatan yaxshilangan (ammo qonun buzilishlari toʻlaligicha bartaraf etilmagan). Hozircha advokatlarning oʻz himoyasi ostidagilar bilan uchrashuvlarida huquqlari butunlay buzilishi kuzatilmayapti. Ammo tergov boshqarmasi va DXX tergov izolyatorlarida pochta qutilari bilan bogʻliq muammolar hozircha mavjud”, – deya qayd etgan Allan Pashkovskiy.

Advokatning fikricha, himoyachini tanlash boʻyicha mavjud tartibga rioya qilmaslik, tergov ostidagi shaxslarga noqonuniy taʼsir qilish va ularni bitim asosida ish olib borayotgan advokatdan voz kechdirishga “erishish”, ayblanuvchilarni qoʻrqitish, ayblanuvchi qarindoshlariga tahdid qilish (shu jumladan, sud boʻlayotgan davrda ham), ayblanuvchining oʻziga nisbatan tahdidlarni qoʻllash, jinoiy javobgarlikning yuridik oqibatlari haqida yolgʻon maʼlumot berish, bitim asosida ish yuritayotgan advokatga tuhmat qilish (bu advokatlarning oʻziga ancha kech maʼlum boʻladi), bitim asosida ish yuritayotgan advokat himoyaga kirishganida ayblanuvchining maxsus “instruktaj” qilinishi (ayblanuvchini advokat bilan u yoʻqligida “tanishtirish”, ayblanuvchi uni hali koʻrmagan boʻladi va, odatda, koʻp hollarda bundan keyin ayblanuvchi uning yuridik xizmatlaridan voz kechadi), ayblanuvchini chalgʻitish va ochiqchasiga aldash kabi holatlar juda koʻp va har qadamda kuzatilmoqda.

“Prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatidagi islohotlar hozircha shunchaki rasmiyatchilik va amalda tatbiq etilmayapti deb xulosa qilish mumkin. Amalda hammasi avvalgidek (xususan muntazam ravishda qonun buzilishi davom etmoqda), baʼzida esa avvagidan ham yomon davom etyapti. Buni BMT maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning 2019-yil 25-sentyabrda Xalqaro press-klubdagi dastlabki bahosi va «ayrim shaxslar”ga nisbatan jinoyat ishlari ham tasdiqlaydi», – dedi advokat.

Bosh prokuratura javobi

Advokat nashri Bosh prokuraturaning advokat shikoyatiga yoʻllagan javobini chop etdi.

«Oʻzbekiston Respublikasi DXX tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan fuqarolar K. va A. ning (ism va familiyalar qisqartirilgan holda berilmoqda – tahririyat) himoyalanish huquqi buzilayotgani haqidagi murojaatingiz takroran koʻrib chiqildi.

Qoʻrib chiqish natijasi boʻyicha quyidagilarni maʼlum qilamiz.

K.ga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida himoyachi sifatidagi ishtirokingiz borasida Sizga 05.03.2019-yilda 20/72-19-428-sonli javob xati yuborilgan.

Himoyangiz ostidagi A.ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida Siz sudga murojaat qilishingiz mumkin, chunki unga va boshqalarga nisbatan qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha tergov Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 46-bobiga muvofiq yakunlangan», – deyiladi prokuratura javobida.

Yangi bosh prokurorga ariza

Shundan soʻng Allan Pashkovskiy yangi bosh prokurorga ariza yozdi.

“Himoyam ostidagi A.ga nisbatan 2019-yil 7-yanvardan 22-maygacha boʻlgan davrda qiynoqlar qoʻllanilgani hamda boshqa qator protsessual qonunbuzarliklar sodir etilgani haqida avvalroq bir necha bor shikoyat kiritgan edim. Sizga ishonib topshirilgan idora, aniqroq qilib aytadigan boʻlsam, 20-boshqarma (Qurolli kuchlar va Davlat xavfsizligi xizmati organlarida qonunlarning bajarilishi ustidan nazorat boshqarmasi) xodimlari tekshiruvda va javoblarni taqdim qilishda beparvolik, dalillarni ochiqdan-ochiq buzib talqin qilish, men yoʻqligimda himoyam ostidagi shaxs bilan uchrashish, nomuvofiq va chalkash javoblar qaytarish, koʻrib chiqish muddatlariga amal qilmaslik va oshkora layoqatsizlik, murojaatlarimdan qaysi biriga (raqami va sanasini qayd qilib) javob berilayotganini koʻrsatmaslik singari holatlariga yoʻl qoʻyildi va qoʻyilmoqda. Buning uchun ulardan biri intizomiy jazo – hayfsan oldi. Yuqoridagilardan istisno qilib, Bosh prokuratura (20-boshqarma) xodimini keltirib oʻtishim mumkin”, – deb yozdi u.

Advokat fuqarolarning huquqlari amalda himoya qilinmayotganidan, prokuratura organlari oʻz vazifalarini bajarmayotganidan, qonun meʼyorlariga amal qilmaslik holatlari davom etayotganidan va ushbu vaziyat bosh prokuror oʻrinbosari E.Yuldashevning 2019-yil 17-iyun kuni OAV orqali eʼlon qilingan rasmiy bayonotiga mutlaqo nomuvofiqligidan noroziligini bildirdi.

“Mening prokuratura organlariga fuqaro, advokat va maxsus protsessual subyekt sifatidagi shaxsiy ishonchim soʻndi. Bugun men oʻz pozitsiyamdan prokuraturaga sifatli ish uchun minnatdorchilik bildira olmayman va bunga hech qanday asos koʻrmayapman. Sizdan oldin faoliyat yuritgan bosh prokuror 2019-yil 8-fevral kuni menga shaxsan aytgan gaplarning bari puch boʻlib chiqdi. Afsuski, Sizning idorangiz tarafidan fuqarolar huquqlarining samarali va muvaffaqiyatli himoya qilinishiga hamda adolat oʻrnatilishiga umid qilish bemaʼno va asossiz ekan”, – deb yozdi u.

Bosh prokuratura izohi

Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, shu yilning iyun oyida Bosh prokuratura tomonidan “Falcon” advokatlik firmasi advokati A. Pashkovskiyning himoyasi ostidagi K. Yusupovga nisbatan DXX tergov izolyatorida Oʻzbekiston Respublikasi DXX xodimlari tomonidan ruhiy qiynoqlar qoʻllanilgani toʻgʻrisidagi murojaati koʻrib chiqilgan.

Murojaatni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha quyidagilar aniqlangan.

“K. Yu.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi DXX tergov boshqarmasi ish yurituvida boʻlgan, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi (Davlatga xiyonat) boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblov eʼlon qilingan va unga nisbatan sud tomonidan hibsga olish koʻrinishidagi chora qoʻllanilgan. Oʻzbekiston JPKning 46-moddasiga asosan K. Yu. advokat himoyasi bilan taʼminlangan”, – deyiladi unda.

2019-yil 24-aprelda K. Yusupovning murojaati asosida A. Pashkovskiyning ham uning advokati sifatidagi ishtiroki hamda uchrashuvi taʼminlangan. K. Yu. bilan bogʻliq barcha tergov harakatlari uning advokatlari ishtirokida olib borilgan.

“Shu bilan birga, Bosh prokuratura masʼul xodimining K. Yu. bilan oʻtkazgan uchrashuvi davomida u tergov izolyatorida oʻziga nisbatan ruhiy bosim oʻtkazilmaganini bildirgan. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar hisobini yuritish jurnali koʻzdan kechirilganida ushlab turish davomida (10.12.2018-yildan) mahbus K. Yu. DXX tergov izolyatori binosida advokati A. Pashkovskiy bilan uchrashuvlari taʼminlangan”, – deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

DXX tergov izolyatorida boshqa shaxslar hamda operativ boʻlinmalar xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazilmagan. Yuqorida keltirilgan obyektiv dalillar asosida, tergov izolyatori xodimlari yoki DXXning boshqa xodimlari tomonidan K. Yu.ga nisbatan iqrorlik koʻrsatmasi berishga majburlash maqsadida ruhiy bosim oʻtkazish holati aniqlanmagan.

2019-yil may oyida jinoyat ishi Oʻzbekiston JPK talablari asosida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga yuborilgan. Murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha advokat A. Pashkovskiyga yozma javob berilgan.

Shu bilan birga, qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:

– Bosh prokuratura masʼul xodimi tomonidan DXX tergov boshqarmasi va tergov izolyatori xodimlari bilan profilaktika ishlari oʻtkazilgan va ular advokatlarning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik hamda jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qatʼiy rioya qilish borasida ogohlantirilgan;

– Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygani uchun Bosh prokuratura boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosariga hayfsan eʼlon qilingan.

ссылка на оригинал статьи: https://zamin.uz/uz/jamiyat/62034-advokat-prokuratura-va-davlat-xavfsizlik-tizimidagi-islohotlar-borasida-oz-fikrini-bildirdi.html

Happy
Happy
0 %
Sad
Sad
0 %
Excited
Excited
0 %
Sleepy
Sleepy
0 %
Angry
Angry
0 %
Surprise
Surprise
0 %